TRENDING: Bank foiz stavkasi | Latest Update
Bank foiz stavkasi - bank ssudasidan foydalanganlik uchun belgilangan haq miqdori; qarz summasiga nisbatan foiz hisobida undiriladi. Uning miqdori kredit turi, muddati va qarzning vaqtida qaytarilishiga bogʻliq. Tijorat va davlat banklari Markaziy (milliy) bank boshchiligida kreditlar uchun belgilaydigan Bank foiz stavkasi s. miqdori foiz stavkalarning butun bir tizimini tashkil etadi. Davlat shu tizimga investitsiyalar darajasi va pul muomalasini tartibga soladigan yoʻnalishda taʼsir koʻrsatadi, yaʼni qulay iqtisodiy konʼyunkturani yaratadi. Bank foiz stavkasi s. qarzning kaysi tarzda va qanday berilishiga ham bogʻliq. Uzoq muddatli qarzning Bank foiz stavkasi s. past, qisqa muddatlisiniki yuqori boʻladi. Qarz yordam tarzida berilganda ham Bank foiz stavkasi s. imtiyozli boʻladi. Agar korxona va tashkilotlarni oʻz qoʻlidagi mablagʻni yaxshi ishlatishga undash zarur boʻlsa, Bank foiz stavkasi s. oshiriladi. Bank foiz stavkasi s.ning minimal va maksimal darajasi bor. Minimal darajadagi Bank foiz stavkasi s. bankning harajatlarini qoplab, zarar koʻrmasligini taʼminlashi kerak, maksimali esa bankka el qatori foyda koʻrishni taʼminlashi lozim. Bank omonat depozitlar uchun toʻlaydigan foiz stavkalari ssudadan foydalanganlik uchun belgilangan foiz stavkalaridan past boʻladi, bu esa banklarning foyda olib ishlashini taʼminlaydi (yana q. Hisob foizi).
O‘zbekiston amaliyotida bank foiz stavkalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zamonaviy O‘zbekiston bank tizimida tijorat banklarining foiz stavkalari bevosita O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasiga (qayta moliyalash stavkasi) hamda erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslanadi. Kredit va depozitlar bo‘yicha aniq foizlar mijozning kredit tarixi, skoring natijalari, olinayotgan qarzning muddati va moliyalashtirish manbasiga qarab o‘zgarib turadi.
Bugungi kunda mamlakatdagi yirik moliya muassasalari o‘z mijozlariga turli maqsadlar uchun differensial (farqlanuvchi) foiz stavkalarini taklif etmoqda. Masalan, "Ipoteka-bank" va "Xalq banki" kabi idoralar ko‘pincha davlat dasturlari doirasidagi ijtimoiy ipoteka yoki pensiya ta'minoti bilan bog‘liq maxsus stavkalarni taqdim etadi. O‘z navbatida, mamlakatning eng yirik va tizim tashkil etuvchi banklaridan biri bo‘lgan «O‘zsanoatqurilishbank» ATB (SQB) yirik korporativ loyihalar, kichik va o‘rta biznes (KOB) hamda chakana mijozlar uchun moslashuvchan bozor stavkalarini joriy etgan.
Xususan, SQB O‘zbekiston banklari orasida birinchilardan bo‘lib Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va YTTB liniyalari orqali «Yashil iqtisodiyot» (Green banking) loyihalarini moliyalashtirish uchun standart tijorat kreditlariga nisbatan pastroq va imtiyozliroq foiz stavkalariga ega bo‘lgan ekologik kreditlarni amaliyotga tatbiq etdi. Bu amaliyot korxonalarni energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga rag‘batlantirishda bank foiz stavkasining iqtisodiy tutqich (rag‘batlantiruvchi vosita) sifatidagi rolini yaqqol ko‘rsatib beradi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |