Xonsyu, Xondo – Yaponiya arxipelagidagi eng katta orol, Yapon dengizi bilan Tinch okean oraligʻida. Maydoni 230,4 ming km² (atrofidagi orollar bilan birga 231 ming km²), uzunligi 1400 km dan ziyod. Orolda mamlakat aholisining taxminan 80% yashaydi. Relyefi, asosan, togʻli. Orolning markaziy qismini yirik togʻ tizmalari (Ou, Xida, Kiso, Akaisi) egallagan. Vulkan koʻp, Fudziyama vulkani Yaponiyadagi eng baland choʻqqi (3776 m). Tez-tez kuchli zilzila boʻlib turadi. Sohil qismi kambar tekislik. Oltingugurt, qoʻrgʻoshin, rux, neft, gaz konlari bor. Iqlimi mussonli, okean iqlimi, shimolida moʼtadil, janubida subtropik. Kuzda tayfunlar boʻladi. Daryolari qisqa, serostona, gidroenergiya zaxirasiga boy. Eng katta koʻli – Biva. Togʻlar keng bargli oʻrmonlar bilan krplangan, janubida subtropik doim yashil va igna bargli oʻrmonlar bor. Milliy bogʻlar tashkil etilgan. X. – Yaponiyaning iqgisodiy jihatdan eng rivojlangan hududi. Tekisliklarda aholi zich, dehqonchilik rivojlangan. Yirik shaharlari: Tokio, Osaka, Nagoya, Kioto, Yokoxama, Kobe. Xoʻjaligi haqida Yaponiya maqolasiga qarang.