CONFIRMED: Turkiya musiqasi - Complete Analysis

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Turkiya musiqasi
Technology news and reviews image
Bursa davlat simfonik orkestri [tr] (2009-yil)

Turkiyadagi anʼanaviy musiqaning ildizlari XI asrda saljuqiy turklar Onadoʻli va Fors oʻlkalariga koʻchib oʻtgan davrlardan boshlab asrlar davomida shakllanib kelgan. Bu musiqa oʻzida ham turkiy, ham turklardan oldingi madaniy taʼsirlarning unsurlarini mujassam etgan. Mamlakatning zamonaviy ommabop musiqasining aksariyati 1930-yillarning boshidagi gʻarblashuvga intilish harakati natijasida yuzaga kelgan. Shunga qaramay, oshiqlik, aytishuv, qoʻshiqchilik madaniyati va toʻy raqslari hamon oila hamda doʻstlar davrasida koʻngilxushlik qilishning asosiy usuli sifatida davom etib kelmoqda. Musiqa industriyasining rivojlanishi tufayli bugungi kunda sanoatlashgan musiqa va kundalik hayotdagi musiqa anʼanalari bir-biridan farq qiladi. Shunga qaramay, turk xalqi, jumladan, yangi avlod vakillari ham nostalgiya musiqiy madaniyatiga sodiq qolmoqdalar[1][2][3][4][5].

Koʻplab Turkiya shaharlari va qishloqlari oʻzining joʻshqin mahalliy musiqa muhitiga ega boʻlib, bu oʻz navbatida qator mintaqaviy musiqa uslublarini qoʻllab-quvvatlaydi. 1960-yillarga qadar turk musiqa sahnasida ikki asosiy janr — Turk mumtoz musiqasi [en] va Turk xalq musiqasi [en] hukmronlik qilgan. Bu davrning yirik namoyandalari sifatida Oshiq Veysel, Emel Sayın, Zeki Müren, Şevval Sam va Bülent Ersoyni koʻrsatish mumkin. 1970-yillar Cem Karaca va Barış Manço kabi ijrochilar tomonidan taqdim etilgan Onadoʻli roki va Groove [en] yoʻnalishidagi pop musiqa davri boʻldi. Biroq, 1980-yillarning oxiriga kelib, gʻarb uslubidagi pop musiqa oʻz mashhurligini „arabesque“ janriga boy berdi; hatto ushbu janrning eng yirik vakillari boʻlmish Ajda Pekkan va Sezen Aksuning ham mavqeyi pasaydi. 1990-yillarning boshida iqtisodiyot va jamiyatning ochiqligi natijasida pop musiqa yana ommalashdi. Sezen Aksu koʻmagida pop musiqaning qayta yuksalishi Tarkan va Sertab Erener kabi xalqaro turk pop yulduzlarini yetishtirib chiqardi. 1990-yillarning oxirida, koʻpchilik oʻta tijoriylashib ketgan deb hisoblaydigan asosiy oqim — pop va arabesk janrlariga qarshi oʻlaroq, alternativ rok, elektronika, hip-hop, rep va dans yoʻnalishidagi andergraund musiqasi shakllandi. Bu harakatga Şebnem Ferah, Mercan Dede va Ceza kabi ijrochilar yetakchilik qildilar[6][7][8].

2010-yillar „Üçüncü Yeniler“ deb nomlanuvchi jamoaviy indie musiqasi [en] guruhlarining yuksalish davri boʻldi. Sheʼriy, oʻtkir mazmunli yoki hissiy lirikaga boy ushbu guruhlarning nomlari ataylab maʼnosiz qilib tanlangan yoki ularda turli majozlardan foydalanilgan. Masalan, „Nükleer Başlıklı Kız [tr]“ guruhi nomi „Qizil qalpoqcha“ ertagining turkcha nomiga ishora qiluvchi soʻz oʻyinidir[9]. Shuningdek, 80–90-yillar nostalgiyasi Gaye Su Akyol [tr] va Altın Gün [tr] kabi sanʼatkorlarning „groove“ yoʻnalishini zamonaviy musiqaga singdirishiga yoʻl ochdi[10]. 2020-yillarda esa elektron raqs musiqasi (EDM) va drill musiqasi [en] asosiy oqimga (mainstream) aylanib, musiqa chartlarida yuqori oʻrinlarni egallay boshladi[11].