EXCLUSIVE: Shomirza Turdimov - Full Coverage
| Shomirza G‘aniyevich Turdimov | |
|---|---|
| Tavalludi |
13-dekabr 1957-yil Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR |
| Fuqaroligi |
|
| Kasbi | Folklorshunos olim, ssenarist |
| Sohasi | Filologiya |
| Ish joylari |
Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti |
| Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
| Ilmiy darajasi | Filologiya fanlari doktori |
| Ilmiy unvoni | Professor |
| Mukofotlari |
|
Shomirza Gʻaniyevich Turdimov (1957-yil 13-dekabr, Qoʻshrabot tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR) – filologiya fanlari doktori, folklorshunos olim. „Yoʻl boʻlsin“ badiiy filmi ssenariysi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sohibi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shomirza Turdimov 1957-yil 13-dekabrda Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani Qoʻshtamgʻali qishlogʻida tugʻilgan[1]. Qishlogʻidagi oʻrta maktabni bitirgach, 1974–1979-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetida tahsil olgan[2]. 1979–1982-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor boʻlimida laborant, 1982–1998-yillarda Fanlar Akademiyasi H.Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar instituti Folklor sektorida kichik va katta ilmiy xodim lavozimlarida mehnat qilgan. 1990–1994-yillarda Qoʻlyozmalar instituti doktoranturasida tahsil olgan. 1998–2016-yillarda Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti Folklor boʻlimida katta ilmiy xodim va yetakchi ilmiy xodim vazifasida ishlagan. 2016–2017-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti „Folklorshunoslik va dialektologiya“ kafedrasi mudiri boʻlgan[3].
Olim 1987-yilda „Oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlarida poetik ramz va uning funksiyasi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2011-yilda esa „Goʻroʻgʻli“ dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Hozirgi kunda olim Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Folklor boʻlimining yetakchi ilmiy xodimi sifatida xizmat qilmoqda[4].
Folklorshunoslik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilk qadamlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shomirza Turdimov folklorshunoslikka „Lirik qoʻshiqlarda ramz“[5] (1981) va „Oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlaridagi xabarchi ramzlar haqida baʼzi mulohazalar“[6] (1984) nomli maqolalar bilan kirib kelgan. Muallifning yuqoridagi maqolalarida oʻzbek xalq lirik qoʻshiqlaridagi ramzlarning poetik tabiatini tahlil va tadqiq etilgan.
Qolaversa, olim Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining (hozirgi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti) folklor ekspeditsiyalari tarkibida Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida ilmiy safarlarda boʻlib, qoʻshiq, ertak, afsona, chaldirmoq kabi xalq ogʻzaki ijodi janrlariga oid materiallar toʻpladi[7].
Uning „Roʻmol“ ramzining semantikasi“[8] (1985), „Oʻzbek xalq qoʻshiqlarida „tom“ ramzi“[9], „Rango-rang dunyo (oʻzbek lirik qoʻshiqlarida oq, qora, qizil ranglarning poetik tabiati haqida)“[10] (1987) maqolalarida xalq lirikasidagi poetik ramzlarning asosiy tiplari, ularning tarixiy-genetik asoslari, ramzlarning qoʻshiq poetik strukturasidagi oʻrni va vazifalari kabi nazariy masalalar tahlil etilgan.
„Goʻroʻgʻli“ turkumidagi dostonlar tadqiqi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shomirza Turdimov Goʻroʻgʻli turkumi dostonlari syujetining shakllanishi, ayniqsa, „Goʻroʻgʻlining tugʻilishi“ dostonining tarixiy asoslari, shu turkumga mansub epik asarlarning obrazlar tizimi va poetikasi masalalari tadqiq etilishida munosib hissa qoʻshgan. 1983-yilda „Adabiy meros“ jurnalining 1-sonida chop etilgan „Quntugʻmish“ dostonining yaratilishiga doir" nomli maqolasida Ergash Jumanbulbul oʻgʻli epik repertuarida qayd etilgan bu qadimiy doston syujetining manbalari, shakllanish tarixi va badiiy evolyusiyasiga doir ilmiy talqinlarini ilgari surgan edi[11].
Olimning „Hasan Koʻlbar, Hasan Chopson, Hasan yakdasta obrazlari haqida“ (1995), „Goʻroʻgʻli“ turkumidagi Ahmad Sardor obrazi xususida“ (1998), „Goʻroʻgʻli“ nomi xususida“ (2000), „Goʻroʻgʻli“ turkumida Xizr obrazi“ (2006), „Goʻroʻgʻli“ dostoni va quyosh topinchi bilan bogʻliq tasavvurlar“ (2011) singari ilmiy maqolalarida bu turkumga mansub xalq dostonlarining kompozitsion qurilishida muhim oʻrin tutadigan personajlarning tarixiy-genetik ildizlari va oʻziga xos xususiyatlari yoritilgan[12]. Oʻzbek dostonshunosligida Sh. Turdimovning „Alplik tizimi haqidagi tasavvurlar va „Alpomish“ dostoni“ (1998) va „Goʻroʻgʻli“ dostonlarida alplik tizimi“ (2007) nomli maqolalarida ilgari surilgan xalq dostonlaridagi „alplik tizimi“ va uning xususiyatlariga doir ilmiy-nazariy qarashlari qiziqish uygʻotdi. Shomonlik tizimidagi initsiatsiya jarayoni bilan qahramon-alp obrazining tadrijiy bosqichlari oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik mavjudligini aniqlagan olim oʻzbek xalq eposidagi „alplik tizimi“ning asosiy tamoyillarini aniqlagan. Unga koʻra, asosiy tamoyillar quyidagilardan iborat: „boʻlajak qahramonning tugʻilmasdanoq „tanlangan“, yaʼni homiy eranlar nazarida boʻlishi“, „alplik dardiga yoʻliqish „tanlangan“ qahramon va „tanlovchilar“, yaʼni homiy eranlar oʻrtasida bevosita muloqotning boshlanganligini bildirishi“, „qahramonning alplik kuch-qudratiga, bilimiga, sehrli xususiyatlariga, belgilariga ega boʻlishi“, „qahramonning eranlardan alplik qurol-aslahalarni olishi“, „qahramonning alp sifatida oʻz kuch-qudratini amalga namoyon etishi va xalq tomonidan alp sifatida tan olinishi“, „qahramonga hamkor jangovar otning ham alp bosib oʻtgan sinov va toblash jarayonlaridan bir-bir oʻtkazilishi“.
Sh. Turdimov xalq dostonida qadimiy eʼtiqodlarning aks etishi, Goʻroʻgʻli turkumi dostonlarining obrazlar silsilasi, syujet va motivlar tarkibining genetik asoslariga doir tadqiqotlarini „Goʻroʻgʻli“ dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari“ (2011), „Etnos va epos“ (2012), „Hikmat xazinasi“ (2016) kabi monografiyalarida umumlashtirdi.
Folklorshunoslik sohasidagi boshqa ishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Folklorshunos olimning tadqiqot obyekti faqat „Goʻroʻgʻli“ turkumidagi dostonlari bilan cheklanmagan. Sh. Turdimov sobiq qoʻlyozmalar instituti folklor fondidagi materiallar asosida „Oʻzbek xalq dostonlari katalogi“ni tuzishda ishtirok etgan. Oʻzbek xalq ertaklari, bolalar folklori namunalari hamda navroʻz bayramini madh etuvchi gʻazallar, sheʼrlar va xalq qoʻshiqlarini toʻplab nashr ettirgan. Navroʻz bayramining mohiyati va unda ijro etiladigan xalq qoʻshiqlarini oʻrgandi. Folklorshunos olim Jabbor Eshonqulov bilan oʻzbek folklori va yozma adabiyotidagi navroʻzga bagʻishlangan asarlarni toʻplab, „Navroʻz nashidasi: navroʻz bayrami bilan bogʻliq qoʻshiqlar, gʻazallar, sheʼrlar“ (2009) va „Navroʻz qoʻshiqlari: tadqiqot, majmua“ (2010) kabi kitoblarni chop ettirdi. Bundan tashqari, oʻzbek mifologiyasi va demonologiyasi, folklor va yozma adabiyot, Qoʻrgʻon baxshilarining xalq ijodi va dostonchilik sanʼati haqidagi adabiy-estetik qarashlari, maqol va chaldirmoq janrlari tadqiqiga doir maqolalar yozdi.
Pedagogik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy faoliyati bilan birgalikda oʻquv-pedagogik jarayonlarni ham olib borgan Sh. Turdimov Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining „Xalq ijodiyoti“ fakulteti talabalariga „Folklorshunoslikka kirish“, „Badihagoʻylik sanʼati“, „Folklor va etnografiya“, „Xalq ijodiyoti“ fanlaridan dars berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgach, „Folklorshunoslik va dialektologiya“ kafedrasini boshqarib, oʻquv dasturlari va rejalarni shakllantirish, oʻquv adabiyotlarini yaratishga hissa qoʻshdi. Hozirda ana shu kafedra professori sifatida talabalarga oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotidan saboq berib kelmoqda. U OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayyorlanayotgan „Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari“ 100 jildligini tayyorlashda faol ishtirok etmoqda. 2024-yilda „Zabarjad Media“ nashriyoti tomonidan chop etilgan 14 jildli xalq ogʻzaki ijodi toʻplamini nashrga tayyorlashda ham Shomirza Turdimovning hissasi bor.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]2007-yilda Shomirza Turdimov xalq ogʻzaki ijodi materiallari asosida yozilgan „Yoʻl boʻlsin“ badiiy filmi ssenariysi uchun adabiyot sohasida 2-darajali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan[13][14].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Shomirza Turdimov“. Qaraldi: 2025-yil 29-may.
- ↑ „Shomirza Turdimov. Birning ming jilvasi“ (2015-yil 13-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 29-may.
- ↑ „Шомирза Турдимов (1957)“. Qaraldi: 2025-yil 29-may.
- ↑ „Shomirza Turdimov“. Qaraldi: 2025-yil 29-may.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Turdimov, Shomirza (1981). „Lirik qo'shiqlarda ramz“. O‘zbek tili va adabiyoti. № 2. Tashkent.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1984). „O'zbek xalq lirik qo'shiqlaridagi xabarchi ramzlar haqida ba'zi mulohazalar“. Adabiy meros. № 3 (31). Toshkent.
- ↑ „Folklor ekspeditsiyasi“. O‘zbek tili va adabiyoti. № 3. Toshkent. 1981. 77–78-bet.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1985). „"Ro'mol" ramzining semantikasi“. Adabiy meros. № 3 (34). Toshkent.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1987). „O'zbek xalq qo'shiqlarida "tom" ramzi“. Adabiy meros. № 2 (40). Toshkent. 69–73-bet.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1987). „Rango-rang dunyo (o'zbek lirik qo'shiqlarida oq, qora, qizil ranglarning poetik tabiati haqida)“. Yoshlik. № 8. Toshkent. 60–62-bet.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1983). „"Quntug'mish" dostonining yaratilishiga doir“. Adabiy meros. № 1. Toshkent. 79–83-bet.
- ↑ Turdimov, Shomirza (1995). „"Go'ro'g'li" dostonlaridagi Hasan Ko'lbar, Hasan Chopson va Hasan YAkdasta obrazlarining tarixiy ildizlari“. O‘zbek tili va adabiyoti. № 3. 35–41-bet.
- ↑ „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 23-avgustdagi „Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida 2007-yilgi Davlat mukofotlarini berish toʻgʻrisida“gi farmoni“. Xalq soʻzi gazetasi, №166 (4319) (2007-yil 24-avgust). 2025-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2025-yil 29-may.
- ↑ „Шомирзо Турдимов“. kino-teatr.ru (2024-yil 28-noyabr). 2025-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2025-yil 29-may.