REVEALED: Multfilm | Tech News Today

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Technology news and reviews image
„Fantasmagorie“ (rejissyor Émile Cohl [en], 1908-yil)

Multfilm, multiplikatsion film (lotincha: multiplicatio — „koʻpaytirish“) yoki animatsion film — kino sanʼati turi. Kinoasarlari chizilgan (rasmli multiplikatsiya) yoki hajmiy (hajmiy multiplikatsiya) obyektlar harakatining ketma-ket fazalarini suratga olish yoʻli bilan tayyorlanadi. Tasmaga tushirilgan rasm va hajmiy obrazlarning sekundiga 24 kadr tezligidagi proyeksiya tasviri ekranda harakatni, yaʼni „jonlanish“ni yuzaga keltiradi.

Multiplikatsiya rasmli va hajmiy boʻlib, ularning har biri yana chizma, siluetli, qoʻgʻirchoq, barelyefli turlarga boʻlinadi. Keyingi paytda kompyuterli multiplikatsiya ham keng taraqqiy etib boryapti. Multiplikatsiya kinematografiya ixtiro etilguniga qadar bunyod etilgan. Rasmli kino birinchi marta fransuz rassomi va muhandisi Émile Reynaudning ancha mukammalroq moslamasi orqali 1892-yilda namoyish qilingan. Kadrma-kadr suratga olish yoʻsini boʻyicha ishlangan dastlabki rasmli filmlar muallifi — Émile Cohl. Hajmiy multiplikatsiyaning asoschisi rus operatori va rejissyori Vladislas Starevich („Goʻzal Lyukanida yoki Shoxdorlar va moʻylovdorlar urushi“). Birinchi rasmli multfilm — „Jasur chumchuqcha“ (V. Arsentyev, 1969). 1978-yilda „Oʻzbekfilm“ kino studiyasi qoshida qoʻgʻirchoq va rasmli filmlar ijodiy uyushmasi tashkil etilgach, rasmli multiplikatsiyada janr va mavzu doiralari kengaydi; harakat va voqea tezligiga, yumorga eʼtibor kuchaydi („Kvakva kvarteti“, „Lochin va Yulduz haqida ballada“, „Sehrli samovar“, „Yulduzli ertak“, „Sahroda koʻl“ va boshqalar). 1980-yillarda turlarining imkoniyatlarini almashtirib turish uslubiga asoslanib, yassi qoʻgʻirchoqlardan keng foydalanishga oʻtildi, multiplikatsiya bilan rasmli figura va jonli personajlarni qoʻshib, suratga olish tajribasi ijobiy samara berdi („Qor odam“, „Xrizantemalar bogʻi“, „Begona“, „Xoʻja Nasriddin“, „Oyimning jumboqlari“ va boshqalar). Ichki imkoniyatlardan dadil foydalanishi, umuminsoniy mavzulardan falsafiy xulosalar chiqara olish oʻzbek multiplikatsiyasiga muvaffaqiyat keltirdi. 1984-yil Leypsigda boʻlib oʻtgan 27-Xalqaro festivalda amerikalik fantast yozuvchi Ray Bradbury hikoyasi asosida yaratilgan „Yoqimli yomgʻir yogʻadi“ (rejissyor N. Toʻlaxoʻjayev, rassom S. Alibekov, kompozitor F. Yanov-Yanovskiy) filmi festivalning bosh sovrini „Oltin kabutar“ bilan taqdirlandi. 1987-yilda „Oʻzbektelefilm“ ham oʻzining multfilmi — „Nonvoy va yalqov“ (rejissyor M. Boymuhamedov)ni yaratdi.

Oʻzbekiston mustaqilligidan soʻng filmlar oʻzbek tilida suratga olina boshladi. Ular „Oʻzbekfilm“ aksiyadorlik jamiyatining multfilmlar ustaxonasida ishlanadi. Oʻzbek mumtoz shoiri va yozuvchilarining adabiy meroslari multiplikatsiya tasviriy vositalari yordamida ekranlashtirilmoqda. Multiplikatsiyaning imkoniyatlari yanada kengayib bormoqda. Zamonaviy suratga olish kinokameralari bilan bir qatorda kompyuter yordamida filmlar yaratishga oʻtilmoqda. „Sindbadning sarguzashtlari“, „Billiardxona voqeasi“, „Bahrom va Dilorom“ (M. Mahmudov), „Oltin ketmon“, „Qora saroy“ (V. Nikitin), „Yayugar quyon“ (D. Vlasov), „Daladagi gullar“ (N. Toʻlaxoʻjayev) va boshqalar oʻzbek multfilmlariga misollardir. Multfilmlar bolalarni oʻzaro yordam, ezgulik, doʻstlik, ahillik, mehnatkash boʻlishga oʻrgatadi. Oʻzbek multfilmlarini dunyoga tanitishda rejissyorlardan D. Salimov, N. Toʻlaxoʻjayev, M. Mahmudov, A. Akbarxoʻjayev, D. Vlasov, Qamara Kamolova va boshqalarning xizmatlari katta.