LATEST: Buzaxa jangi | Latest Update

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Buzaxa jangi
Ridda urushlari va Xolid ibn Valid yurishlarining bir qismi
Sanalar 632-yil sentyabr oyi
Urush yeri Buzaxa, Haildan 25 mil janubi-gʻarbda, Arabiston
Natija Roshidun xalifaligining gʻalabasi
Qoʻmondonlar
Roshidun xalifaligi Pagan arab qabilalari
Kuchlar
6,000 35,000

Buzaxa jangi (arabcha: معركة بزاخة‎) Xolid ibn al-Volid va Tulayha oʻrtasida 632-yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan.

Xolid ibn al-Volidning qoʻshini 6000 nafar, Tulayhaning qoʻshini 35 000 nafar askardan iborat boʻlgan.

Tulayha jang qizgʻin tus olgan paytda Allohdan vahiy kutayotganini bahona qilib, markaziy qoʻshinning orqa tomoniga yashirincha joylashib oldi. Har ehtimolga qarshi biror imkon tugʻilsa, jang maydonidan qochish uchun bir tuyani yonida tutib turdi. Murtadlar lashkari ham musulmonlar kabi markaz va qanotlarga boʻlingan holda saf tortgan, har bir qabila oʻzining urugʻ-aymoqlari bilan birgalikda turar edi. Bu lashkarning boshida Uyayna ismli sarkarda turgan boʻlib, u nafaqat butun qoʻshinga, balki markazdagi eng kuchli 700 nafar Banu Xazraj jangchilariga ham shaxsan boshchilik qilgan. Xolid ibn al-Volid oʻz lashkariga umumiy hujum boshlashni buyurdi. Butun chiziq boʻylab harakat boshlanganida musulmonlar bir necha joyda murtadlarning old saflarini yorib oʻtdilar, ayniqsa, qanotlardagi dushman kuchlari orqaga surildi. Bu vaqtda Uyayna Tulayhaning oldiga ot minib borib, undan Allohning vahiyi haqida soʻradi. Tulayha esa hech qanday vahiy boʻlmagan boʻlsa-da, faqat oddiy ruhlantiruvchi gap bilan javob qaytardi. Oradan biroz vaqt oʻtib, Xolid dushman markazini ham teshib oʻta boshladi. Bu yerda Uyaynaning Banu Xazraj qabilasi qattiqroq qarshilik koʻrsatdi. Uyayna yana ikki bor Tulayhadan vahiy bor-yoʻqligini soʻradi, ammo har safar javob chala va mavhum edi. Shunda Uyayna sarkardasiga boʻlgan ishonchidan voz kechdi va Banu Xazraj jangchilariga jang maydonini tark etishni buyurdi. Markazdan yordam uzilgach, murtadlar armiyasi toʻliq parokanda boʻla boshladi. Bosim ostida qolgan qismlar ham tarqala boshladi. Baʼzi kichik guruhlar qarshilik koʻrsatishda davom etayotgan edi, biroq ular Tulayha va uning oilasi tuyaga minib jang maydonidan qochayotganini koʻrgan zahoti barcha umidlarini yoʻqotib, oʻzlari ham qochishga tushdilar. Gʻalabadan soʻng Xolid qochayotgan murtadlarni quvish uchun darhol tezkor boʻlinmalar yubordi. Jang maydonidan 30 mil janubi-sharqda musulmonlarning bir boʻlimi murtadlar guruhini quvlab yetdi va ular hech qanday qon toʻkilmasdan taslim boʻlishdi. Xolid esa boʻlinmaga oʻzi boshchilik qilgan holda shimolga qarab yurdi va jang maydonidan 60 mil uzoqlikdagi Gʻamra degan joyda Uyayna va uning Banu Xazraj lashkarining katta bir qismini quvib yetdi. Dastlab raqib kuchlari tomonidan biroz qarshilik koʻrsatildi, biroq keyinchalik musulmonlar hujumiga bardosh berolmay ortga chekinishdi. Shundan soʻng, nihoyat, Uyayna ham asirga olindi[1].

  1. Sword of Allah; A. I. Akram