BREAKING: Buxoriy yodgorlik majmui - What You Need To Know
Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi — Oʻzbekistonning Samarqand viloyati Payariq tumani Xartang qishlogʻida joylashgan, XX asr oxiriga oid memorial, diniy va maʼnaviy-maʼrifiy inshootlar majmuasidir. U Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1997–1998-yillarda Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning qadimiy mozori ustida, uning hijriy taqvim boʻyicha tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan barpo etilgan. 2025-yilda majmua sezilarli darajada kengaytirildi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qurilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al-Ju’fiy al-Buxoriy 870-yilda Samarqand yaqinidagi Xartang qishlogʻidagi qabristonda dafn etilgan. Imom vafotidan soʻng uning asosiy asari — „Al-jomeʼ as-sahih“ butun islom olamida keng shuhrat qozonadi va chop etilganidan ikki asr oʻtib sunniy hadislarning oltita asosiy toʻplamidan biriga aylanadi. Oʻsha davrda Imom al-Buxoriy taʼlimoti koʻplab tarafdorlar orttiradi, ayniqsa Movarounnahrda uning qabri tomon ziyoratchilar oqimi kuchayadi. XVI asrda Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida Xartang qishlogʻi chetidagi qabristonda ilk yodgorlik majmuasi qurilib, u yerda al-Buxoriy qabri ustida kichik maqbara hamda juma masjididan iborat inshootlar bunyod etilgan. Shu davrda maqbara yaqinida chinor daraxtlari ekilgan boʻlib, ularning maʼlum bir qismi hozirga qadar saqlanib qolgan.
Sobiq Ittifoq davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Majmua kichik qoʻshimcha va qayta qurishlar bilan XX asr boshlariga qadar yetib kelgan. Markaziy Osiyoda Sobiq Ittifoq hokimiyati oʻrnatilgach, mazkur hududdagi masjidda ibodatlar taqiqlanadi. Qarovsiz qolgan maqbara va masjid tez orada xarobaga aylanib, 1950-yillar oʻrtalariga kelib vayrona holatga tushgan. SSSRga islom mamlakatlarining qator davlat va diniy arboblari tashrif buyurib, Muhammad al-Buxoriy qabrini ziyorat qilish istagini bildirganidan soʻng vaziyat oʻzgaradi. Majmua shoshilinch ravishda tartibga keltirilib, tez orada Markaziy Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi (SADUM) tasarrufiga topshirilgan.
Rekonstruksiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]1997-yilda mustaqil Oʻzbekiston hukumati Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan uning qabri yonida yangi yodgorlik majmuasini barpo etishga qaror qiladi. 1998-yil oktyabriga qadar yakunlangan qurilish ishlarida Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Andijon, Qo‘qon va Namangan shaharlarining eng yaxshi xalq ustalari ishtirok etadi. Natijada yangi majmua Oʻzbekistonning bir necha meʼmoriy maktablari anʼanalarini oʻzida mujassam etib, zamonaviy Markaziy Osiyo sanʼatining yorqin namunalaridan biriga aylandi.
2025-yilda majmua sezilarli darajada kengaytirilib, qayta qurildi. Perimetri boʻylab balandligi 75 metr boʻlgan toʻrtta minora qad rostladi. 10 ming kishiga moʻljallangan yangi masjid barpo etilib, mavzuli muzey ochildi. Shuningdek, majmua yaqinida ziyoratchilar uchun uchta mehmonxona va oʻnlab mehmon uylari ishga tushirildi. Bu orqali majmuaning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi[1][2].
Arxitekturaviy asosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi rekonstruksiyasidan oldin taxminan 10 gektar maydonni egallagan. U kirish binosi, xonaqohli masjid, maʼmuriy bino, Imom al-Buxoriy maqbarasi hamda biroz chetroqda joylashgan „Dorus Hadis“ taʼlim markazi binosidan iborat boʻlgan. Asosiy meʼmoriy unsurlar toʻgʻri toʻrtburchak, deyarli kvadrat shakldagi hovli atrofida joylashtirilgan.
Majmua hududiga kirish pishiq gʻishtdan qurilgan bir qavatli bino orqali amalga oshirilgan. Bu bino hovliga qaragan ravoqli xonalar orasiga joylashtirilgan boʻlib, oʻrtasidan oʻtuvchi ravoqli yoʻlaklarga ega uchta portal-gumbazli hajmdan tashkil topgan. Yon qismlar markaziy qismga nisbatan kichikroq portal va gumbazlarga ega. Majmuaning qolgan qismi esa ayvon — tekis tomli, tosh poydevorli yogʻoch ustunlarga tayangan terrasalar bilan oʻrab olingan. Ustunlar bezakli oʻymakor naqshlar bilan bezatilgan[3].
Kirishning chap tomonida ayvon oraligʻiga xonaqohli masjid joylashtirilgan. Besh qirrali gumbazli ushbu inshootning maydoni 786 kvadrat metr boʻlib, unda bir vaqtning oʻzida 1500 nafargacha kishi ibodat qilishi mumkin boʻlgan. Kirishning oʻng tomonida esa maʼmuriy bino joylashtirilgan, unda kutubxona va muzey mavjud boʻlgan. Bu yerda islom ilohiyoti boʻyicha noyob qoʻlyozma va litografik kitoblar namoyish etilgan.
Majmuaning shimoli-gʻarbiy qismida ayvon chuqur tokcha hosil qilgan. Shu yerda besh pogʻonali tosh platforma ustida majmuaning asosiy meʼmoriy markazi — Imom al-Buxoriy maqbarasi joylashgan. U silindrsimon barabanga oʻrnatilgan ikki qavatli gumbaz bilan yopilgan chortoq shaklida qurilgan. Maqbara asosida 9×9 metr oʻlchamga, balandligi esa 17 metrga ega boʻlgan. Tashqi gumbazi qirrali boʻlib, moviy plitkalar bilan bezatilgan. Ichki pol marmar plitalar bilan qoplangan boʻlib, ularning ustiga och yashil oniksdan ishlangan sagʻana oʻrnatilgan[4].
Maqbaraning oʻng tomonida alohida kirish mavjud boʻlgan. U kichik gumbazli dafn xonasiga olib borgan va bu yerda daxma joylashgan[5]. Majmua bezagida oʻrta asrlar islom meʼmorchiligiga xos materiallar — mozaika, mayolika, ganch va oʻymakor marmardan foydalanilgan. Majmua hovlisida kichik hovuz mavjud. Chinorlar orasida joylashgan buloq suvi esa shifobaxsh hisoblanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Узбекистан возрождает наследие величайшего хадисоведа ислама“ (ru). euronews (2025-yil 16-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 19-dekabr.
- ↑ „Комплекс имама Бухари станет центром науки, просвещения и воспитания“ (ru). president.uz. Qaraldi: 2025-yil 19-dekabr.
- ↑ Чартак — в среднеазиатской архитектуре четырёхстолпный купольный павильон
- ↑ Сагана — намогильный камень
- ↑ Дахма — платформа для установки надгробий
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |