CONFIRMED: Aviatsiya | Latest Update


Havochilik yoki Aviatsiya (fransuzcha: „aviation“, lotincha: „avis“ – qush) – havodan ogʻir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo boʻshligʻi atmosferada parvoz qilish bilan bogʻliq tushuncha. Havochilikda uchoqlar, tikucharlar, planyorlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham havochilik deb ataladi.
Havochilik fuqaro va harbiy havochilikka boʻlinadi. Fuqaro havochiligi yoʻlovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, oʻquv-sport va maxsus ishlarga moʻljallangan (qishloq xoʻjaligida, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va boshqalarda ishlatiladigan) xillari bor. Yoʻlovchilar va yuklarni doimo tashishni taʼminlash uchun fuqaro havochiligi tarkibiga uchoqlar va tikucharlar saroyi, uchishni taʼminlay-digan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy havochilik esa quruqlikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qoʻshinlari bilan birga harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fuqaro havochilik sohasida Leonardoda Vinchi havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligini birinchi boʻlib asoslashga urindi. U qushlarning uchishini kuzatib, havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligi toʻgʻrisidagi gʻoyani ilgari surdi. Mixail Lomonosov jahonda birinchi boʻlib tikuchar modelini yaratdi: dvigatel vazifasini oʻtovchi prujina taʼsirida vintlar aylanganda model yuqoriga koʻtarildi. Dmitriy Mendeleyev hayotining oxirigacha aerodinamika va havochilik masalalari bilan shugʻullandi. U 1887-yil aerostatda mustaqil uchib, 3350 m balandga koʻtarildi. A. G. Eyfel tikuchar vintlarining koʻtarish kuchini oʻrganishga oid tajribalar oʻtkazdi. Aleksandr Lodigin uchish apparatlariga elektr dvigatellari oʻrnatish gʻoyasini ilgari surdi. Aleksandr Mojayskiy bir necha uchoq modelini qurdi, bu modellarni sinovdan oʻtkazib, 1881-yil uchogʻi uchun patent oldi. Aleksandr Mojayskiy oʻz uchogʻiga quvvati 30 (kattasiniki 20 va kichiginiki 10) ot kuchiga teng boʻlgan ikkita bugʻ dvigateli oʻrnatdi. Bu uchoq monoplan turida boʻlgan. XIX asr 90-yillarida oʻris ixtirochisi V. V. Kotov planyorlarning baʼzi modellarini ishlab chiqdi. 1894-yilda Konstantin Siolkovskiyning „Aeroplan“, yaʼni „qush nusxa uchish mashinasi“ degan asari bosilib chiqdi. Siolkovskiy bu asarida suyri shaklli monoplan loyihasini, uning uchish nazariyasi va hisobini berdi. 1892-yilda ingliz konstruktori Filippe aeroplani bir necha soniyagina havoga koʻtarildi. 1898-yilda muhandis Xiram Maksimning uchogʻi sinab koʻrildi, ammo bu uchoq havoga sal koʻtarilgach, yerga quladi. Amerika professor Lengli benzin bilan ishlaydigan, quvvati 50 ot kuchi ga teng motor oʻrnatilgan uchoq qurdi, bu uchoq katapulta yordamida uchirib sinalayotganda havoga koʻtarildi-yu, shu zahoti agʻdarilib tushdi. Farang konstruktori Kleman Ader koʻrshapalak shaklidagi uchish apparati („Avion“)ni qurdi (1897), u 300 m uchib borib, yerga agʻdarildi. Olmon muhandisi Otto Lili-yental 1891–96-yillarda oʻzi loyihalagan planerlarda juda koʻp marta uchdi va 1896-yil 9-avgustda 20 m balandlikdan planerda yerga qulab, halok boʻldi. AQShda aka-uka Vilbur va Orvil Raytlar planerda uchishni oʻrganib olganlaridan keyin uchoq qurdilar. Orvil Rayt bu uchoqda 1903-yil uchib koʻrdi. Bu uchoqqa quvvati 16 ot kuchiga teng dvigatel oʻrnatilgan edi. Birinchi uchishda uchoq 32 m gacha parvoz qildi, uchish 3,5 sek. davom etdi. Havochilikning rivojlanishida N. Ye. Jukovskiy va S. A. Chapligin asarlari muhim rol oʻynadi: Jukovskiy uchoq qanotlariga taʼsir qiluvchi kuchlar hisobini berdi, bir qancha qanot shakllarini yaratdi va ularni sinovdan oʻtkazish usullarini koʻrsatdi, Chapligin katta tezliklar aerodinamikasiga asos soldi. Havochilik 20-asr boshidan tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi, 1908-yil uchish uzoqligi boʻyicha qoʻyilgan rekord 2 soat 18 daqiqani, 1912-yil 13 soat 17 daqiqani, tez uchish rekordi esa 1909-yil 80 km/soatni, 1912-yil 170 km/soatni tashkil etdi. Uchoqda 1909-yil atigi 510 m balandda uchilgan boʻlsa, 1913-yil 5610 m balandda uchildi. 1909-yilda farang konstruktor-uchuvchisi L. Blerio „Blerio-XI“ nomli uchogʻida Lamansh boʻgʻozi orqali Farangistondan Angliyaga uchib oʻtdi. Shu yili bir qancha mamlakatlarda dastlabki havochilik zavodlari qurildi. Akademik. B. N. Yurev 1910-yil bir vintli tikuchar loyihasini tuzdi va shu loyiha asosida tikuchar qurdi (1912). Moskvada tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmada tikuchar uchun Yurev oltin medal bilan mukofotlandi. Oʻris muhandisi Ya. M. Gakkel 1910-yil qoʻsh qanotli uchoq qurdi. 1911-yil koʻp yuk koʻtara oladigan va uzoq, ma-sofaga qoʻnmay ucha oladigan uchoq loyihalanib, sinab koʻrildi. Shu yili oʻris ixtirochisi I. I. Sikorskiy 4 mo-torli „Ilya Muromes“ uchogʻini qurdi. 1914-yil AQShda „Kertiss“ uchogʻi, 1915-yil Olmoniyada „Simens Shukker“ uchogʻi qurildi. 1914-yil oʻris konstruktori V. A. Slesaryov „Svyato-gor“ uchogʻi loyihasini tuzdi, bu uchoq ikki motorli, qoʻsh qanotli edi. Oʻris konstruktori D. P. Grigorovichning M-5 (1915) va M-9 (1916) markali uchar qayiqlari oʻsha davrda eng yaxshi gidro-uchoq hisoblangan. Havochilik texnikasining rivojlanishi bilan bir qatorda dunyo olimlari aerodinamika va uchoqning mustahkamligi sohasida nazariy izlanishlar va tajribalar oʻtkazdilar, uchoq va havo vinti nazariyasi, uchoqlarning tezligi va uchish balandligi ustida ishladilar. 20-yillar boshlarida havochilik sanoatida metall konstruksiyali uchoqlar qurilishi tez rivojlana boshladi. A. N. Tupolev 1923-yil ANT-1, soʻngra ikki oʻrinli ANT-2 uchogʻini yaratdi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-3 („Proletariy“) uchogʻida 1926-yil uchuvchi M. M. Gromov Ovroʻponi aylanib uchib oʻtdi. Amerikaning „Rayan“ firmasida tayerlangan uchoqda 1927-yilda uchuvchi Ch. Lindberg birinchi marta AQShdan Atlantika okeani orqali Ovroʻpoga uchib oʻtdi. 1928-yilda „Bremen“ W-33 (Olmoniya) uchogʻida birinchi marta Ovroʻpadan Atlantika okeani orqali Shimo-liy Amerikaga uchib oʻtdi. Amerikaning „Duglas“ firmasi tayyorlagan DS-3 va S-47 uchoqlaridan koʻp yillar davo-mida dunyoning koʻpgina mamlakatlarida foydalanildi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-4 (TB-1) uchogʻida 1929-yil uchuvchi S. A. Shestakov Mo-skvadan koʻtarilib, Sibir, Tinch okean orqali 20000 km parvoz qilib, Nyu-Yorkka qoʻndi. 1928-yil ANT-9, keyin ANT-25 (RD) uchoqlari yaratildi. 1937-yil 18–20-iyunda uchuvchilar V. P. Chkalov, G. F. Baydukov va shturman A. B. Belyakovlar ANT-25 uchogʻida Moskva–Shimoliy qutb–Vankuver (AQSh) yoʻnalishi boʻyicha 8504 km masofani 63 soat-u 16 daqiqada qoʻnmay uchib oʻtishdi. 30-yillardan boshlab biplanlan monoplanga oʻtildi. Bu esa aerodinamika, qurilish mexanikasi va dvigatel qurilishidagi yutuqlarga bogʻliq edi. Mustahkamlikka hisoblashning aniq usullari yaratildi. Uchoqlar gʻildiraklarini tormozlashni ishlab chiqish hamda qanotni mexanizatsiyalash qanotlarga tushadigan kuchlarni oshirishga imkon berdi va shu bilan chish tezligi oshirildi. 1915-yilda „Fokker“ (Olmoniya) uchogʻi uchish tezligi 150 km/soat, uchish balandligi 5000 m boʻlgan boʻlsa, 1920-yilda bu koʻrsatkich „Fokker“ D-VII, „Fokker“ D-VIII (Olmoniya), „Balilla“ A-1, „Ansaldo“ SVA-10 (Italiya)da 200 km/soat, 7000 m ga, 1940-yilda esa Xauker „Xarrikeyn“, „Spit-fayer“, Mk-1 (Angliya), „Brusten“ F2A-1, „Kertiss“ R-36A, „Boum“ V-150 (AQSh) uchoqlarida 660 km/soat, 12000 m ga etdi. Shu bilan birga uchoqlarning uchish uzoqligi ham ortib bordi. 1915-yilda bu koʻrsatkich 400 km boʻlgan boʻlsa, 1940-yilga kelib 4000 km ga etdi. Seriyalab ishlab chiqariladigan dvigatellarning quvvati 700 o. k.dan 2000 o. k.gacha etkazildi. Oʻrusiya, Angliya, Olmoniya, Italiya va AQShda reaktiv dvigatel yaratish borasida qizgʻin ish olib borildi. 1943–50-yillarda Angliyaning De Xevillend va Komitem Brabazen havochilik firmasi 40 yoʻlovchiga moʻljallangan „Komet-1“ reaktiv uchogʻini ishlab chiqdi va sinovdan oʻtkazdi. Uning uchish tezligi 800 km/soat, uchish balandligi 12 km, uchish uzoqligi 1650 km. 1952-yilda uning „Komet-2“, „Komet-ZV“ va „Komet-4“ zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarila boshlandi. 1955-yil A. N. Tupolev rahbarligida TU-104 reaktiv uchogʻi qurildi. Bu uchoq soatiga 800 km tezlik bilan 8000–10000 m balandlikda 3000 km masofani qoʻnmay uchib oʻta olgan. 1958-yilda AQShda birinchi „Boing-707-120“ reaktiv uchogʻi qurildi. 120 yoʻlovchiga moʻljallangan bu uchoqning uchish tezligi 845 km/soat, uchish balandligi 11 km, uchish uzoqligi 6000 km. 1959-yilda Farangistonda „Karavella“ uchogʻi qurildi. Reaktiv yoʻlovchi uchoqlarning tejamsizligi tufayli turbovintli dvigatel (TVD) oʻrnatilgan uchoqlar ishlab chiqarishga oʻtildi. 1952-yilda ingliz konstruktorlari ana shunday konstruksiyali „Bristol-175“ („Britaniya“) uchogʻini yaratdilar (63–79 oʻrindiqli, toʻrt dvigatelli, uchish tezligi 570 km/soat, uchish uzoqligi 8600 km boʻlgan). 1957-yil turbovintli Il-18 uchogʻi qurildi. 1956-yil O. K. Antonov rahbarligida 2 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 40 oʻrinli AN-24 uchogʻi, shundan keyin 4 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 84 oʻrinli AN-10 samolyoti qurildi. Keyinchalik 1959-yilda „Elektra“ (AQSh) uchogʻi ishlab chikarila boshlandi. Soʻngra S. V. Ilyushinning 186 oʻrinli IL-62 yoʻlovchi uchogʻi, 350 oʻrinli IL-86 aerobusi yaratildi. Oʻris ixtirochisi I. P. Bratuxin ikkita dvigatel oʻrnatilgan „Omega“ tikucharini va ikki motorli B-11 tikucharini kurdi. 1961-yil turbovintli V-2 hamda V-8, V-12 tikucharlari qurildi.
1966-yilda Farangiston, Olmoniya, Angliya, Niderlandlar va Ispaniyadagi havochilik firmalari birga Ovroʻpoda yangi Airbus Industry (Eyrbas Indastri) konsernini tuzdi. Shu yili AQShdagi Lockheed (Lokxid), Boeing (Boing), Douglas (Duglas) firmalari va Eyrbas Indastri konserni keng fyuzelyajli uchoqlar – aerobuslar yaratishga kirishdi. Shundan soʻng AQShdagi firmalar L-1011 „Trister“, „Boing-747“ va DC-10 aerobuslarini, Eyrbas Indastri konserni esa A-300 ichoqlarini koʻplab ishlab chiqara boshladi. 500 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747“ uchogʻining uchish tezligi 935 km/soat, uchish uzoqligi 10000 km dan ortiq. Keyingi yillarda bu uchoqning bir necha zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarildi: 500 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747-100“, 516 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747-200V“, 670 yoʻlovchiga moʻljallangan „Boing-747SR“ va boshqa A-300 uchoqlari 280–345 yoʻlovchiga moʻljallangan ikki dvigatelli, uchish tezligi 917 km/soat, uchish uzoqligi 2600–3900 km. 1983-yilda bu uchoqning keyingi avlodlaridan A-300–600 ucha boshladi. Keyinchalik „Boing-747“ aerobusi bilan raqobatlashadigan A-310, A-320, A-330, A-321, A-340 va boshqa ishlab chiqarildi. Koʻp mamlakatlarda 1960-yil oxiridan boshlab tovushdan tezuchar uchoqlar yaratish ustida qizgʻin ish olib borilmoqda. Oʻrusiyada Tu-144, Angliya va Farangistonda „Konkord“, uchoqlari yaratildi. Bular soatiga 2500–3000 km tezlik bilan bir necha ming km masofaga qoʻnmay ucha oladi. Harbiy uchoqlar 30 km balandlikda 10000 km masofaga qoʻnmay uchadi. Harbiy havochilik Qadimda Xitoy va boshqa baʼzi mamlakatlarda harbiy maqsadlarda varrakdan foydalanilgan. Harbiy havochilik har qaysi mamlakatda turli vaqtlarda paydo boʻlgan. 1910-yil Farangistonda birinchi marta uchoqlar manyovrda ishtirok etib, razvedka vazifalarini bajardi. 1911 – 12 yillarda Tripolitaniya jangida (Italiya bilan Turkiya oʻrtasida boʻlgan urushda) harbiy havochilik birinchi sinovdan oʻtdi. 1913-yil Bolqon urushida ham havochilikdan foydalanildi. 1913-yil „Ilya Muromes“ uchogʻiga 4 ta oʻqotar va bomba tashlash uchun maxsus asboblar oʻrnatildi. Oʻsha yili bomba tashlash tajribasi asosida yangi aeroballistika faniga asos solindi. Birinchi jahon urushi boshlanganida Oʻrusiyaning harbiy havochiligida 263 ta, Olmoniyada 232 ta, Farangistonda 156 ta, Avstriya-Vengriyada 65 ta, Angliyada 30 ta, AQShda 30 ta, Italiyada 30 ta uchoq boʻlgan. l-jahon urushi paytida qiruvchi uchoqlar yaratildi. Qiruvchi uchoqlarning uchish tezligi razvedka uchoqlarinikidan yuqori boʻlgan. 1915-yil maxsus bombardimonchi uchoqlar ixtiro qilinadi. Xuddi oʻsha paytlarda dengiz uchoqlari ham paydo boʻldi, ular dengizda razvedka qilish, dushman kemalariga, obyektlarga bomba tashlash vazifasini bajardi. Oʻz ustida 5–7 ta uchoqni olib yura oladigan avianoseslar paydo boʻldi. Birinchi jahon urushidan keyin havochilik alohida va mustaqil qoʻshin turi boʻlib qoldi. 1-chi va 2-jahon urushlari oʻrtasida havochilik sohasida katta siljish boʻldi. 1920-yil Oʻrusiyada quvvati 200 o.k.ga teng dvigatelli uchoq ishlab chiqarildi. 30-yillar boshida A. N. Tupolev TB-1 hamda TB-3 markali ogʻir bombardimonchi uchoqlarni, 1935-yil uzun qanotli bir motorli TsAGI-25 uchogʻini yaratdi. Bu uchoqda Moskvadan Shimoliy qutb orqali Amerikaga qoʻnmasdan uchib oʻtildi. S. V. Ilyushin ikki motorli bombardimonchi RB-3 uchogʻini, A. S. Yakovlev eng yengil va tez uchadigan qiruvchi YaK-1 uchogʻini yaratdi. Urush yillarida Yakovlev yana boshqa koʻplab qiruvchi uchoqlarni ixtiro qildi. 1940-yil A. I. Mikoyan bilan N. G. Gurevich 7–8 km balandlikda 600 km tezlik bilan uchadigan MIG-3 uchogʻini ishlab chiqdilar. V. M. Petlyakov uzoqqa ucha oladigan bombardimonchi uchoq yaratdi. Ikkinchi jahon urushida Angliyada „Tayfun“, „Moskito“, „Lankester“, „Galifaks“ nomli yangi bombardimonchi ichoqlar ishlab chiqara boshlandi, AQShda toʻrt motorli, oʻta tezuchar qalʼa B-29, „Eyrkobra“, „Boing-17“ bombardimonchi uchoqlari yaratildi. 1940–42-yillarda birinchi reaktiv dvigatelli uchoq „Kompini-Kaproni“, KK-1, KK-2 (Italiya), „Gloster“ (Angliya), „Erkomet“ (AQSh)lar uchdi. 1942-yilda turboreaktiv dvigatelli Me-262, Me-263 (Olmoniya), „Meteor“ (Angliya) uchoqlari ishlab chiqarila boshlandi. 1945-yilda „Gloster Meteor-VI“ uchogʻida uchish tezligi boʻyicha jahon rekordi oʻrnatildi (969,9 km/soat), 1947–48-yillarda sobiq Ittifoqda La-15 va MiG15 reaktiv uchoqlari, YaK-23 reaktivqiruvchi, IL-28 va Tu-14 bombardimonchi uchoqlar yaratildi. 50–60-yillarda aerodinamika fanidagi yutuqlar, yuqori quvvatli dvigatellarning yaratilishi „tovush tezligi“dan tez uchadigan uchoqlarni yaratishga imkon berdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan qurollantirildi. Yadro quroli va turli raketalar bilan qurollangan qiruvchi uchoqlar, razvedkachi, bombardimonchi, transport uchoqlari reaktiv hamda turbovintli motorlar bilan taʼminlandi. 80–90-yillarda Mig, Yak, Su markali uchoqlarning turli zamonaviylashtirilgan modellari, AQShda „Fantom“ F-4, F-111, SR-71, Fransiyada „Miraj III“, „Miraj-IV“, Angliyada „Xarrier“ uchoqlari ishlab chiqarila boshlandi. Qurolli kuchlar ixtiyorida boʻlgan havochilik oʻz vazifasiga koʻra jangovar harbiy dengiz, havo hujumiga qarshi mudofaa hamda transport Havochiliklariga, harbiy uchoqlar oʻz taktik-texnik koʻrsatkichlari jihatidan ogʻir strategik, oʻrta strategik, yengil taktik bombardimonchi, qiruvchi, razvedkachi, havoda uchoqlarning benzin olishiga imkon beradigan uchoqlar va transport uchoqlariga boʻlinadi. Oʻzbekiston ham uchoqsozlik rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda uchoqlar ishlab chiqarish 40-yillar boshiga toʻgʻri keladi. 1941-yil Ximki shahri (Moskva viloyati)dan Toshkentga koʻchirib keltirilgan V. P. Chkalov nomidagi havochilik zavodi negizida barpo qilingan Toshkent havochilik zavodi (1996-yildan „Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi“ davlat aksiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar uchoqlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda IL-14, 1958-yildan transport uchoqlari AN-10, AN-8, AN-12, 1966-yildan AN-22 „Antey“ uchoqlari, 1973-yilda 40 t yuk koʻtaradigan birinchi superlayner Il-76 ishlab chiqarildi. Il-76 uchoqning uchish tezligi 850 km/soat, uchish balandligi 12,1 km, uchish uzoqligi 8 ming km. 90-yillarda zavodning asosiy mahsuloti IL-76 MF transport uchoqlari boʻldi. 1992-yilda birlashma oʻzining birinchi yangi Il-114 uchogʻini qurdi. 1995-yil bu uchoq Jukovskiy shahrida oʻtkazilgan koʻrgazmaga qoʻyildi. 1997-yilda avgustda Davlatlararo havochilik qoʻmitasining Aviaregistri tomonidan Il-114 uchogʻiga uchishga yaroqli degan sertifikat berildi. Bu uchoq (64 oʻrinli, ikki dvigatelli) S. V. Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida yaratilgan boʻlib, ekologik jihatdan toza, shovqinsiz, tejamli, qulayligi bilan ajralib turadi; engil boshqariladi, betonli va gruntli yoʻlkadan uchib chiqadi va qoʻnadi. Uning maksimal tezligi 530 km/soat, uchish balandligi 7800 m, uchish uzoqligi 1000 km. Dvigateli Oʻrusiya va Kanada mamlakatlarida ishlab chiqariladi. 1997-yilda S. Ilyushin nomidagi havochilik kompaniyasi (Oʻrusiya) Il-114 uchogʻini ishlab chiqarish va Il-76 MF uchogʻini taʼmirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarni Toshkent aviasozlariga topshirdi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Vinogradov R. I., Ponomarev A. N., Razvitie samolyotov mira, M., 1991
- Ruzmetov A. G., Krilya nezavisimogo Uzbekistana, T., 1999.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |